Ona diyor obidalari 12- qism

Imom Al-Buxoriy Majmuasi Qadimgi Samarqandning me'morchilik yodgorliklari bilan tanishgan sayyohlar ko'pincha yana bir muqaddas ziyoratgohga borishni istab qoladilar.

Ona diyor obidalari   12- qism

Imom Al-Buxoriy Majmuasi
 

Qadimgi Samarqandning me'morchilik yodgorliklari bilan tanishgan sayyohlar ko'pincha yana bir muqaddas ziyoratgohga borishni istab qoladilar. Bu ziyoratgoh, ayniqsa musulmon mamlakatlaridan tashrif buyurgan sayyohlar uchun bag'oyat qadrlidir. Chunki, bu yerda, o'z xizmatlari bilan islom dunyosida mashhur bo'lgan ulug' olim Imom al-Buxoriy abadiy uyquda yotibdilar.

Assalomu alaykum, Ona diyor O`zbekistonning tarixiy obidalar shahriga sayoxat etamiz.
            Imom al-Buxoriy dafn etilgan joy Chelak tumanidagi Xartang kishlog'i bo'lib, bu yerda Buxoro xoni Abdullaxon tomonidan qurilgan masjid ham saqlangandir. Bir necha o'n yillardan buyon qarovsiz bo'lib yotgan bu ulug' joy 1974 yildan so'ng obodonlasha boshlagan edi, negaki, o'sha yili Imom al-Buxoriyning tavalludiga 1200 yil to'lishi munosabati bilan dunyodagi musulmon davlatlarining yirik olimlari bu yerga kelish istagini bildirgandilar. Xorijiy meh¬monlarga bu xarob joyni ko'rsatishga uyalgan Moskvalik «xo'jayin»lar maqbarani obodonlashtirishga ruxsat berishga majbur bo'ldilar. Shundan so'ng bu tabarruk ziyoratgohda katta obodonchilik ishlari bajarildi. Hozirda Imom Buxoriyning qabri O'zbekistonga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun tabarruk ziyoratgohga aylangandir. 
 

O'zbekiston Prezidenti Islom Karimov 1992 yilning aprel oyida Saudiya Arabistonga tashrif buyurganda podshoh Fahd ibn Abdul Aziz al Saud hazrati oliylari kamoli extirom ifodasi sifatida Prezidentimizga Ka'batullohga yopiladigan ka'bapushning katta bir bo'lagini hadya qilgan edi. Prezidentimiz I.Karimov ushbu ka'bapushni lutfan Al-Buxoriy maqbarasi majmuyiga sovg'a qildi. Shu o'rinda, Imom al Buxoriyning xotirasiga bu darajada katta ehtirom ko'rsatilishiga sabab nima? — degan savol tug'ilishi mumkin. Bu savolga javob berish uchun gapni sal oldinroqdan boshlamoq lozimdir. Alloma Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn Al-Mug'ayra ibn Bardazbeh Al-Jufariy Al-Buxoriy hijriy 194 yilning shavvol oyini 13 kunida (810 yil 20 iyul) Buxoro shahrida tavallud topgan. Yoshilgidanoq ilmga ehtiyoji zo'r, zehni o'tkir bo'lgan Al Buxoriy, ayniqsa payg'ambarimiz hadislarini alohida mehr va ixlos bilan o'rgangan. 825 yili Al-Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan haj safariga jo'naydi.

Haj ibodatini ado etganidan keyin esa olti yil Hijozda qolib hadis ilmi bo'yicha astoydil ta'lim olish uchun Damashq, Qohira, Basra, Kufa va Bag'dod kabi shahar¬larda bo'lib mashhur hadisshunos olimlar bilan uchrashadi. Imom al Buxoriy o'n olti yil davomida olti yuz ming hadisni ajratib, ularni tartibga solib «Al-Jome, As-Sohiyh» nomli ulkan asarni yaratadi. «Sohiyh Al-Buxoriy» nomi bilan mashhur bu asarni islom dini uchun ahamiyati g'oyatda kattadir. Negaki, islom dinining dastlabki asrlarida noaniq, chala va har-xil g'arazli maqsadlarda ataylab to'qilgan soxta hadislar ham xalq orasiga tarqalgan edi.

Bu g'arazli va soxta hadislar el orasida tarqalib islom dini va uning Payg'ambarining obro'siga katta ziyon yetkazmoqda, ishonchsizlik tug'dirmoqda edi. Imom al-Buxoriy to'plagan haqiqiy hadislar esa o'zining to'g'riligi va mantiqliligi bilan barchaga manzur bo'ldi. Natijada islom dinining dushmanlari o'z niyatlariga yeta olmadilar. Shu sababli Imom al Buxoriy to'plagan «Al-Jome As-Sohiyhning obro'si juda oshib ketdi va uni to'plovchisini ham shonu-shuhrati islom olamiga yoyildi. Imom al-Buxoriy xorijiy ellardan qaytgach o'z ona shahri Buxoroda yashay boshladi va ko'plab tolibi ilmlarga ta'lim bera boshladi. Ammo, hasadchilar allomani tinch qo'ymadilar, ular Al-Buxoriyni Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az Zuhayliyga yomonladilar. Amir Xolid ibn Ahmad Al-Buxoriyga saroyimga kelib bolalarimga ta'lim berasan, deb buyruq qiladi. Al-Buxoriy hokimning xabarchisiga: „Men ilmni xor qilib uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilmga kerak bo'lsa o'zi izlasin“ — deb javob beradi. Allomaning bu javobi hokimga yoqmaydi va unga shaharni tark etishni buyuradi. 

            Shundan so'ng Al-Buxoriy Samarqand tomonga yo'lga chiqib, shahar yaqinidagi Xartang qishlog'iga yetib kelib qarindoshlarinikida bir oz yashaydi va kasallanib 62 yoshida hijriy 256 yili (870 yil 1 sentyabr) vafot etadi. Uni katta izzat-ikrom bilan Xartang qishlog'idagi qabristonga dafn etadilar. Uning qabriga hashamatli maqbara quradilar. Imom al-Buxoriyning maqbarasini o'z ko'zlari bilan ko'rib ziyorat qilganliklarini XII asrda yashagan tarixchi Samaniy va XIV asrlarda yashagan sayyoh Ibn Battutalar yozib qoldirganlar. Imom al Buxoriy „Al-jome, As-Sohiyh» dan tashqari bir necha o'nlab kitoblarning muallifidir. Prezidentimiz I.A.Karimovning tashabbusi va ko'rsatmasi bilan Xartang qishlog'ida ulkan, hashamatli Imom al-Buxoriy majmuasi bunyod etildi. Bugun u barcha uchun tabarruk ziyoratgohga aylangandir.



Aloqador xabarlar