• Video galereya

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 6-qism

Dasturimizning bugungi sonida Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining bir yilligi va bu jarayonda Turkiya-O’zbekiston munosabatlarini sarhisob qilamiz.

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 6-qism

                                           

O’zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik lavozimiga kirishganiga bir yil to'ldi. Dasturimizning bugungi sonida Shavkat Mirziyoyev boshqaruvining bir yilligi va bu jarayonda Turkiya-O’zbekiston munosabatlarining istiqboli haqida fikr yuritamiz.

O’zbekiston Respublikasini taxminan 25 yil boshqargan marhum prezident Islom Karimov vafotidan so’ng 2016 yil 4 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi prezidentligi uchun o'tkazilgan saylovda Shavkat Mirziyoyev 88,61% ovoz olib, g'olib bo'lgandi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston prezidenti qasamyodini qabul qilganiga ham mana bir yil toʻldi. Shavkat Mirziyoyev bilan oʻtgan bir yil davomida Oʻzbekiston hayotining barcha sohalarida jiddiy oʻzgarishlar kuzatildi.

Ayniqsa, sezilarli islohotlar taʼlim tizimi, davlat boshqaruvi, ichki ishlar organlari, tibbiyot, moliya va tadbirkorlik tizimlarida amalga oshirildi.

Undan tashqari, Oʻzbekistonda 2017-2021 yillarga moʻljallangan, hayotning barcha jabhalarini qamrab oluvchi – Harakatlar strategiyasi qabul qilindi.

Bir yillik davr mobaynida O’zbekistonda asosan iqtisodiyot sohasida keng ko’lamli strukturaviy o’zgarishlar amalga oshirildi.

Mirziyoyev bir yil mobaynida eski boshqaruvdan qolgan iqtisodiyotni liberallashtirishga doir bir muncha islohotlarni yo’lga qo’ydi.

Mirziyoyev marhum Islom Karimovning siyosatidan voz kechib, qo’shni turkiy respublikalar bilan munosabatlarini yaxshilashga kirishdi. Mirziyoyevning dastlabki chet el ziyoratini Turkmanistonga amalga oshirgani ham buning isbotidir.

Ta’kidlash joizki, Oʻzbekiston prezidenti 12 oy davomida 14 ta xalqaro tashrif amalga oshirdi. Ular orasida Xitoy, Rossiya, Qozogʻiston, Janubiy Koreya va AQSh kabi mamlakatlar bor. 

Bosib o’tilgan bir yil ichida Mirziyoyev asosiy e’tiborni qo’shni respublikalarga qaratdi. Ushbu qisqa va o’ta unumli hamda samarali vaqt mobaynida O’zbekiston prezidenti Qozog’iston prezidenti bilan 6 marta, Turkmaniston va Qirg’iziston prezidentlari bilan 3 martadan uchrashuv amalga oshirdi. Eng ahamiyatlishi shundaki, intizorlik bilan kutilgan Turkiyaga tashrifini amalga oshirib, bir-birini sog’ingan ikki xalqning umidlarini ro’yobga chiqardi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo'g'anning taklifiga binoan 2017 yilning 25-26 oktabr kunlari davlat tashrifi bilan Turkiyada bo'ldi. Bu esa, Turkiya-O’zbekiston munosabatlarida yangi davr boshlanishiga olib keldi desak mubolag’a bo’lmaydi.

O’zbekistonning qo’shni davlatlar bilan bo’lgan munosabatlarini rivojlantirish yo’lidagi sa’y-harakatlari mintaqaviy hamkorlik uchun yangi fursat va imkoniyatlarni paydo qildi.

Jumladan, Samarqand shahrida 2017 yilning 10-11 noyabr kunlari BMT himoyasida Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash bo'yicha "Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo'lidagi hamkorlik" mavzuida xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi. 

Ushbu konferensiyada 2018 yilda Navro’z bayrami oldidan Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ishtirokida sammit o’tkazish to’g’risida qaror qabul qilindi.

Darvoqe, Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasida rivojlangan mana shunday hamkorliklar “Mustaqil Turkiston” barpo etish uchun mustahkam zamin yaratishi mumkin.

O’zbekistonning kelgusida Markaziy Osiyoning 4 mamlakatiga yaqin masofada joylashganligi tufayli  mintaqaviy tijorat markaziga aylanishi ehtimoldan holi emas.

Mirziyoyev prezidentlik vazifasining birinchi yiliyoq mamlakat bo’ylab matbuotga katta erkinlik yaratdi. Qishloq-xo’jaligida majburiy mehnatga chek qo’ydi.

2019 yilning 1 yanvar kuni O’zbekiston prezidentining farmoniga binoan, mamlakat fuqarolarining xorijga chiqishini oldini oluvchi “chiqish vizasi” bekor qilindi.

Qolaversa, shu yilning 10 fevralidan e’tiboran O’zbekiston Turkiya Respublikasi fuqarolari uchun 30 kunlik muddatga vizasiz rejimni joriy etdi. Bu shubhasiz, juda katta o’zgarish bo’ldi.

Eslatish joizki, Turkiya 1991 yilda O’zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo’lib tan olgan davlat bo’lib hisoblanadi. Qolaversa, turk va o’zbek xalqlari azaliy qardoshlik aloqalariga ega. Shu sababli xozirgi kunda ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, 2005 yili O’zbekistonning Andijon viloyatida ro’y bergan voqealar tufayli, Turkiya BMT umumiy kengashida O’zbekistonga qarshi ovoz berdi. Buning oqibatida, 1991 yilda yo’lga qo’yilgan munosabatlar 2005 yilga kelib susayib ketdi. Biroq, Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an va O’zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mushtarak sa’y-harakatlari bilan munosabatlar takror yaxshilandi.

Marhum Islom Karimovning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirish maqsadida Samarqandga kelgan Turkiya prezidentining “aloqalarda yangi sahifa” degan ifodasi, Mirziyoyevning esa “bundan buyon so’zda emas, amalda hamkorlik qilish vaqti yetib keldi” degan ifodalari bugungi kunda o’z aksini topmoqda.

Endilikda, ikki davlat o’rtasidagi sovuqchilik ortda qoldi deyish maqsadga muvofiq bo’ladi.

O’zbekiston-Turkiya o’rtasida qishloq-xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha majmualar barpo etish, to‘qimachilik va terini qayta ishlash sanoatida zamonaviy qo‘shma korxonalar yaratish, xususan, birgalikda paxta tolasi va teri xomashyosini chuqur qayta ishlash orqali tayyor brendli mahsulotlarni tashqi bozorlarga chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika sohasida hamkorlikka oid yangi loyihalar tuzish va amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Qolaversa, ikki davlat o’rtasida ta’lim sohasidagi aloqalarni ham rivojlantirish darkor. Masalan; Qozog’istondagi Turkiya hamkorligida tashkil qilingan “Ahmat Yassaviy” universiteti kabi Turk-O’zbek universitetini tashkil qilish ham maqsadga muvofiq bo’lardi.

Shavkat Mirziyoyev davri O’zbekiston uchun yangi boshlang’ich bo’ldi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Eslatish joizki, Islom Karimov turk kengashi va boshqa mintaqaviy hamkorlik uyushmalariga doimo yovqarash bilan siyosat olib bordi. Bu siyosatning tubdan o’zgarishi nafaqat O’zbekistonga, balki butun  Markaziy Osiyo davlatlariga manfaat olib kelishi ehtimoldan holi emas.

O’zbekistonda naqd pul va energiya jihatidan qisman muammolar borligini yaxshi bilamiz. Bu muammolarni bartaraf etishda tashqi investitsiya va mintaqaviy hamkorliklar jumladan, turk kengashi kabi tashkilotlar vositasida yechim yo’lini topadi deb o’ylaymiz.

Mirziyoyev o’z mamlakati va mintaqa haqida katta ma’lumotga ega. Uning tajribasi kelgusi jarayonda O’zbekistonning Turkiya va turk kengashi bilan munosabatlarini yaxshilash jihatidan muhim ro’l o’ynaydi degan umiddamiz.

Zero, O’zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida muhim ahamiyat kasb etgan mamlakatlardan biridir.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.

 



Aloqador xabarlar