Turkiya tashqi siyosatiga nazar 01-qism

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Dr. Jemil Do’g’ach Ipekning Turkiya-Afrika munosabatlari haqida mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 01-qism

                       

Hurmatli tinglovchilar! Mana 2018 yilni ham ko’tarinki ruhda kutib oldik. “Turkiya tashqi siyosatiga nazar” deb nomlangan yangi ruknimiz bir yil mobaynida haftaning har payshanba kuni siz aziz muhlislarimiz e’tiboriga havola etiladi.

Dastur orqali Turkiya tashqi siyosati yo’nalishlari, ustuvor vazifalari va prinsiplari, amalga oshirilayotgan davlat tashriflari haqida ma’lumot berib boramiz.

Turkiya Respublikasi prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an 2017 yilning oxirgi kunlarida Afrika qit’asida joylashgan uch mamlakatga rasmiy ziyorat amalga oshirdi. Dasturimizning bugungi sonida prezident Erdo’g’anning Afrika ziyorati va buning mamlakat tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’sirlarini ko’zdan kechiramiz.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Dr. Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qilamiz.                             

24-27 dekabr kunlari Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Sudan, Chad va Tunisga rasmiy ziyorat amalga oshirdi. Tashrifdan maqsad Turkiyaning Afrika tashabbusini mustahkamlashdir. Qolaversa, uch mamlakat bilan har sohada aloqalarni rivojlantirishdir. Erdo’g’an avvalo Sudan davlatiga tashrif buyurdi. Ma’lumki, Sudan Afrikaning kelajagi porloq davlatlaridan biridir. 20 yilga yaqin iqtisodiy va siyosiy embargo ostida hayot surmoqda.

Bugungi kunda embargoni bekor qilish to’g’risida qaror olingani yirik shirkatlarning takror Sudanga sarmoya kiritishiga olib keldi.

Erdo’g’anning taxminan 200 tadbirkor hamrohligida tashrif buyurgani Sudanda katta umid paydo qildi. Tashrif doirasida ikki davlatning tegishli vazirlari tomonidan siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim va boshqa bir qator sohada 13 ta shartnoma imzolandi. Sudan xalqi Turkiyaga bo’lgan sevgisini va Erdog’anga bo’lgan hurmatini namoyon qildi.

Erdo’g’an Sudanda Usmoniy imperatorligi davrida Afrikaning muhim port shaharlaridan biri Sevakin oroliga sayohat qildi. Orolda Turk hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi TIKA tomonidan olib borilayotgan qayta tiklash ishlarini ko’zdan kechirdi.

Erdo’g’an Sudan prezidenti Umar Al Bashirdan Sevakin orolini qaytatdan tiklash va ta’mirlash ishlari uchun Turkiyaga vaqt berishini talab qildi. Sudan prezidenti Erdo’g’anning taklifini qabul qildi. Orolning Turkiyaga 49 yoki 99 yilga topshirilishi kun tartibda turibdi.

Sevakin oroli Misr va Suriyaga hokim bo’lgan turk davlatining Qizil dengiz sohilida joylashgan eng muhim savdo portlaridan biri edi. 15-asrning oxirlaridan e’tiboran dengizlarda katta ustunlikka ega bo’lgan Portugaliya Afrikaning sharqiy va g’arbiy sohillaridagi musulmon hukmronliklarga hujum qilib, bir qancha joyni vayron qildi. Va mintaqada o’z hokimiyatini o’rnatdi. 1513 yilda Sevakin oroli Portugaliyaning qo’liga o’tdi. Yovuz Sulton Selim davrida Suriya va Misrni qo’lga kiritgan Usmoniy imperatorligi Qizil dengizda hokimiyatni qo’lga oldi. shuningdek, Afrikaning sharqida bir qator mintaqani Portugaliyaning qo’lidan qutqardi.

Turkiya avvalo TIKA vositasida Sevakin orolidagi tarixiy merosni qayta tiklaydi. Mintaqada savdo va turizmni rivojlantiradi. Turkiya bu faoliyatlarni Sudan bilan yaqin hamkorlik asosida Qizil dengiz va atrofidagi xavfsizlikni ta’minlaydigan tadbirlarni olgan holda amalga oshiradi. Natijada Turkiya yaqin kelajakda Somali va Yamanda tinchlik o’rnatishga katta hissa qo’shadi.

Erdo’g’an Sudanga tashrifini yakunlab tadbirkorlar bilan birga Chad davlatiga safar qildi. Turkiya va Chad o’rtasidagi siyosiy munosabatlar 16-asrgacha borib taqaladi. Oxirgi paytlarda Turkiya va Chad o’rtasidagi o’zaro aloqalarda katta masofa bosib o’tildi.

Eslatib o’tish joizki, 2014 yilning 15-18 dekabr kuni Chad bosh vaziri Kalzeube Payimi Deubet Turkiyaga rasmiy ziyorat amalga oshirgan edi.

Erdog’anning Chad Respublikasiga tashrifi doirasida bir qator sohalar bo’yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi. Oxirgi yillarda mintaqada terrorizmga qarshi kurashda faol ro’l o’ynagan Chadga amalga oshirilgan ziyorat katta ahamiyat kasb etadi.

Tashrif doirasida Turkiya-Chad biznes forumi o’tkazildi. Bundan tashqari, bir qator sohalar bo’yicha imzolangan hamkorlik shartnomalar ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarning rivojiga katta hissa qo’shadi.

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Afrika qit’asiga ziyoratining uchinchi bekati Tunisda bo’ldi. Turkiya-Tunis munosabatlariga to’xtaladigan bo’lsak, ikki davlat munosabatlari qadimiy tarix va madaniy aloqalar asosida davom etmoqda.

Ikki davlat o’rtasida aloqalar muntazam oliy darajali ziyoraatlar asosida davom etmoqda.  Tunisda 300 yildan ziyod davom etayotgan turklarning ta’siri Tunis xalqiga Turkiyaga bo’lgan yaqinlikning asosini tashkil qiladi.

Eslatib o’tish joizki, 2012 yilda Tunis bosh vaziri Hammadi Jebali Turkiyaga tashrif buyurgan edi. Uning tashrifi chog’ida, Oliy darajali strategik hamkorlik kengashi tashkil qilinishini nazarda tutgan qo’shma siyosiy bayonot imzolandi.

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’anning 2013 yilda Tunisga tashrifi doirasida Oliy darajali strategik hamkorlik kengashining birinchi sammiti bo’lib o’tdi. Sammit doirasida turli sohalarga taalluqli 21 ta shartnoma imzolandi va dastur rejasi bilan 24 ta qardosh shahar protokoli imzolandi.

Prezident Erdo’g’anning 2017 yil oxirlarida amalga oshirilgan Tunis ziyorati chog’ida Turkiya-Tunis aloqalarining poydevori mustahkamlandi.

Bundan 10 yil oldin Turkiyaning Afrika siyosati haqida turlicha shubhalar bor edi. Bugungi kunda bu shubhalarga o’rin qolmadi. Turkiya bugungi davrda Afrikada o’z ta’sirini yana ham yaqqol namoyon qilmoqda.

Turkiyaning Afrikaga ko’rsatgan ta’siri siyosiy, madaniy-gumanitar, strategik, harbiy va iqtisodiy jihatdan juda muhim. Afrikada Turkiyaga ko’rsatilgan hurmat-ehtirom g’arb davlatlariga yoki boshqa islom davlatlariga nisbatan ko’rsatilmayotir. Erdog’anning mintaqa davlatlari bilan amalga oshirgan muzokaralarda ilgari surgan “Afrika uchun Afrikalik yechimlar falsafasi” mintaqada o’z natijasini bermoqda.

Turkiya prezidenti bugungacha shu bilan jami 28 nafar Afrika davlatiga ziyorat amalga oshirgan bo’ldi. Bu doirada Afrika qit’asida 32 davlatda jami 51 shaharga uchgan Turk Havo Yo’llari, 6 dan ortiq davlatda faoliyat ko’rsatayotgan Turkiya Maorif jamiyati va bir qator davlatda vakolatxonasi mavjud bo’lgan TIKA va Turk nodavlat tashkilotlari muhim ro’l o’ynamoqda.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Dr. Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.


Tanlangan kalimalar: tashqi siyosat , Sudan , Tunis , Chad , Afrika , Turkiya

Aloqador xabarlar